1-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Tyanszin shahrida «ShHT plyus» formatidagi uchrashuvda ishtirok etdi. Tadbirda ShHT davlatlari delegatsiyalari, kuzatuvchi va hamkor mamlakatlar yetakchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, jumladan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qatnashdi.
Davlat rahbari «ShHT plyus» formatini ochiq muloqot maydoni sifatida e’tirof etib, xalqaro huquq normalarini hurmat qilish, tinch-totuv yashash va nizolarga barham berishga chaqirdi. Shu ma’noda, Xitoy raisi Si Jinping ilgari surgan Global boshqaruv tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston yetakchisi G‘azo sektoridagi vaziyatni yoritib, Falastin–Isroil muammosini «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida hal etish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, Mirziyoyev ShHT doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, xavfsizlik, energetika va oziq-ovqat taqchilligi, migratsiya hamda kiberxavflarga qarshi jamoaviy choralarni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Toshkentda universal xavfsizlik markazi va Dushanbeda narkotiklarga qarshi kurash markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.
Kelgusi yili O‘zbekistonda «ShHT plyus» formatida xavfsizlik bo‘yicha birinchi muloqot, shuningdek «ShHT INVeST» investitsiya forumi o‘tkazilishi taklif etildi.
Prezident mintaqaviy transport loyihalarini, jumladan «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temir yo‘lini barpo etish muhimligini qayd etdi. Shuningdek, sun’iy intellekt, robototexnika, muqobil energetika kabi ilg‘or sohalarda ilmiy-texnik sheriklikni kengaytirishni taklif qildi.
Madaniy hamkorlik doirasida «Buyuk Ipak yo‘li madaniy muloqoti» tashabbusi ilgari surildi. Davlat rahbari yakunda sammit natijalari barqarorlikni mustahkamlash va sheriklikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!