Jahon

Ukraina janglarda sun’iy intellektli dronlardan foydalangan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi

Ukraina janglarda sun’iy intellektli dronlardan foydalangan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi

Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Ukraina jang maydonida sun’iy intellektli dronlar to‘dasini muntazam qo‘llay boshlagan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. Mutaxassislarning fikricha, bu urushda dronlardan foydalanishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Ekspertlar “to‘da texnologiyasi” yordamida nishonlarga aniq zarba berish, operatsiyalarga kamroq askarni jalb qilish va vaqtni tejash mumkinligini ta’kidladi. Ukraina armiyasida askarlar yetishmovchiligi sharoitida bu katta ustunlik sifatida baholanmoqda.

Swarmer kompaniyasi rahbari Sergey Kupriyenko:

“Siz faqat nishonni belgilaysiz, qolganini dronlarning o‘zi bajaradi. Ular birgalikda ishlaydi va vaziyatga moslashadi”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, texnologiya dastlab minalar o‘rnatishda sinovdan o‘tgan, hozir esa rus askarlari, texnikasi va infratuzilmasiga zarba berishda qo‘llanmoqda. Ukraina harbiylari bu usuldan yuz martadan ortiq foydalanganini aytmoqda.

Bir operatsiyada odatda uchta dron qatnashadi: biri razvedkachi, ikkitasi bomba tashuvchi. Operator dushman hududini belgilaydi, razvedka droni esa yo‘l ko‘rsatadi. Keyin dronlarning o‘zi zarba berish tartibini mustaqil belgilaydi.

Bunday missiyalarda atigi uch kishi — rejalashtiruvchi, operator va navigator — ishtirok etadi. An’anaviy usulda esa kamida 9 kishi kerak bo‘lgan.

AQSH, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Janubiy Koreya ham “dron to‘dasi” texnologiyasini ishlab chiqmoqda, biroq uni janglarda muntazam qo‘llayotgan yagona davlat hozircha Ukraina hisoblanadi.