Hodisa, Jamiyat

Davlat chegarasi hududida ikki nafar shaxs halok bo‘ldi

Davlat chegarasi hududida ikki nafar shaxs halok bo‘ldi

15-avgust kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Ugam-Chotqol qo‘riqxonasi yaqinidagi chegara hududida ikki nafar noma’lum shaxs kuzatilgan.

Chegara naryadi ularga to‘xtashni buyurgan, ammo shaxslar qochishga uringan. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, avval osmonga ogohlantiruvchi o‘q uzilgan. Shundan keyin ham qonuniy talablarga bo‘ysunmagani uchun ularga nisbatan qurol qo‘llanilgan.

Natijada ikki shaxs yaralangan va tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, voqea joyida vafot etgan. Tekshiruv chog‘’ida chodir, oziq-ovqat mahsulotlari, uchta ot hamda uchinchi shaxsning izlari topilgan.

31-avgust kuni vafot etganlar Qirg‘iziston fuqarolari ekanligi aniqlanib, jasadlari qarindoshlariga topshirildi.

2–3 sentyabr kunlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara idoralari rahbarlari hodisa joyini birgalikda ko‘zdan kechirdi. O‘rganishlar chegara naryadining harakatlari qonun doirasida bo‘lganini, marhumlar esa Davlat chegarasini buzganini tasdiqladi.

Tomonlar uchinchi shaxsning shaxsini aniqlash va zarur chora ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishdi. Shuningdek, chegaraoldi hududlarda aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda murakkab tog‘li hududlarda qo‘riqlash hamkorligini kuchaytirishga kelishildi.