Iqtisod, Jahon

Ilon Mask birinchilikni boy berdi, dunyoning eng boy odami Larri Ellison bo‘ldi

Ilon Mask birinchilikni boy berdi, dunyoning eng boy odami Larri Ellison bo‘ldi

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Oracle kompaniyasi hammuassisi Larri Ellison dunyo milliarderlari reytingida Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskni ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqdi.

Ellisonning boyligi 393 mlrd dollar deb baholanmoqda, Maskning boyligi esa 385 mlrd dollar. Ellisonning boyligi bir kun ichida 101 mlrd dollarga oshib, Bloomberg reytingi tarixidagi eng katta kunlik o‘sish sifatida qayd etildi.

Mask qariyb bir yil davomida reytingda yetakchi bo‘lib kelgan. Avvalroq u Amazon asoschisi Jeff Bezos va LVMH asoschisi Bernar Arnoga birinchi o‘rinni boy bergan edi.

Bloomberg reytingida Ellison iyul oyidan buyon Mark Sukerbergni ortda qoldirib, ikkinchi o‘rinda kelayotgan edi. Forbes esa Ellison boyligining 102 mlrd dollarga oshganini tasdiqlagan, biroq Forbes reytingida Mask hanuz 437 mlrd dollar bilan birinchi o‘rinda turibdi.

81 yoshli Larri Ellison 1977-yilda Oracle’ni tashkil etgan, hozirda kompaniya aksiyalarining 40 foizidan ortig‘iga egalik qiladi. U shuningdek, Paramount Skydance aksiyalarining yarmiga ega va Tesla’ning sobiq direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi.

Oracle’ning boyligi asosan sun’iy intellekt va bulutli texnologiyalar sohasida yirik loyihalar, jumladan OpenAI bilan hamkorlik va Stargate infratuzilma dasturida ishtirok etishi hisobiga oshmoqda.