Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) fuqarolarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari nomidan qo‘ng‘iroq qilib, aldov yo‘li bilan pul undirishga urinayotgan firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Ombudsman axborotiga ko‘ra, fuqaro M.P. 2024-yil dekabrida o‘zini Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslarning ta’siriga tushib, kriptovalyuta orqali 170 ming AQSH dollarini o‘tkazib yuborgan.
U hatto mashinasi va uyini sotib, jamg‘armalari hamda qarz mablag‘larini ham firibgarlar qo‘liga topshirgan.
Mazkur murojaat asosida Kiberxavfsizlik markazi jinoiy ish qo‘zg‘atdi va fuqaro jabrlanuvchi sifatida tan olindi. Keyinchalik Kiberxavfsizlik boshqarmasi hamkorligida Kriptodo‘kondan 115 ming AQSH dollari (1,4 milliard so‘mga yaqin) undirib berildi.
Ombudsman firibgarlik bilan bog‘liq ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganini, ammo ularning aksarida mablag‘larni qaytarib bo‘lmasligini ta’kidladi. Shu bois fuqarolarga quyidagi ogohlantirishlar berildi:
o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki bank xodimi deb tanishtirgan shaxslarga ishonmaslik;
telefon orqali shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik;
kriptovalyuta orqali to‘lovga undovchi shubhali takliflarga rozi bo‘lmaslik;
har qanday holatda rasmiy kanallar orqali tasdiq olish.
Ombudsman fuqarolardan huquqiy xabardorlikni oshirish va ehtiyotkor bo‘lishni so‘ramoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!