O‘zbekistonda so‘nggi yillarda avtomobillar soni keskin oshib, 2025-yilga kelib 5,2 milliondan oshdi. Transport vositalarining ko‘payishi atmosfera havosining ifloslanishiga hamda aholining salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Jahon statistik ma’lumotlariga ko‘ra, havoni ifloslantiruvchi omillarning 59 foizi transport vositalariga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, AI-80 markali past oktanli benzin yordamida ishlaydigan avtomobillar yuqori miqdorda karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar va zararli zarrachalarni chiqaradi.
Prezidentning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi 16-son Farmonida 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishga cheklovlar joriy etilishi belgilangan.
Shunga muvofiq, joriy yilning 2-sentabridan “O‘zbekneftgaz” AJ AI-80 benzinni birja savdolariga qo‘yishni to‘xtatdi. Shu bilan birga, AI-92 benzinini sotish hajmi oshirildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, AI-80’dan voz kechish havoning sifatini yaxshilash, fuqarolar salomatligini muhofaza qilish hamda “yashil iqtisodiyot”ni shakllantirish sari muhim qadam hisoblanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!