Toshkent shahridagi 400 mingdan ortiq daraxt “Daraxtlar reyestri” loyihasi doirasida raqamlashtirilib, yashil maydonlar to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan green.tashkent.uz onlayn platformasining elektron ma’lumotlar bazasiga kiritildi.

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, har bir daraxtning navi, yoshi, holati va boshqa xususiyatlari bo‘yicha dendrologlar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mazkur loyiha “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — poytaxtdagi daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish va ularning yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratishdir.
Yashil maydonlarning raqamli xaritasi shahar aholisi turmush tarzini yaxshilash, Toshkentning tabiiy muhitini asrash, yangi ekinlarni rejalashtirish, yashil hududlarni parvarishlash hamda ularni muhofaza qilish va tiklash ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!