Ekvadorda namoyishchilar mamlakat prezidenti Daniel Noboa ishtirok etgan kortejga hujum qilgani haqida xabar berildi. Prezident bu haqda o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lumot bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, Noboa boshchiligidagi gumanitar karvon Otavalo shahrida to‘sqinlikka uchragan. Karvonda BMT, Yevropa Ittifoqi delegatlari hamda Italiya elchisi ham bo‘lgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar “mamlakat taraqqiyotiga qarshi chiqib, zo‘ravonlik yo‘lini tanlayapti”.
Hodisa chog‘ida kortejdagi bir nechta avtomashinalar oynalari singan yoki shikastlangan. Universo gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 350 ga yaqin kishi 50 dan ortiq harbiy tomonidan qo‘riqlanayotgan kortejga yaqinlashib, mashinalarga yonuvchi aralashma solingan shishalarni uloqtirgan.
“Yo‘lovchilar hayoti va salomatligiga xavf tug‘ilgani sababli kortej vaqtincha harakatni to‘xtatdi”, — dedi prezident matbuot kotibi Karolin Xaramillo.
Eslatib o‘tamiz, 12-sentyabr kuni Ekvador hukumati dizel yoqilg‘isiga berilayotgan subsidiyalarni bekor qilganini e’lon qilgach, dizel narxi oshdi. Shundan so‘ng transport kasaba uyushmalari ish tashlash boshlagan, mamlakatning turli hududlarida norozilik namoyishlari davom etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!