Marokash poytaxti Rabotda mamlakatda keng tarqalgan korrupsiyaga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi.
Reuters agentligi xabar berishicha, yoshlar uchinchi kundirki tibbiyot va ta’lim sohasidagi korrupsiya bilan bog‘liq muammolarni hal etish talabi bilan ko‘chalarga chiqmoqda. Norozilik aksiyalari asosan Rabot, Kasablanka, Agadir, Tanjer va Ujda shaharlarida o‘tayapti.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, namoyishlar “GenZ 212” deb nomlangan anonim guruh tomonidan TikTok, Instagram va Discord ijtimoiy tarmoqlari orqali uyushtirilgan.
Xabarlarga ko‘ra, politsiya korrupsiyaga qarshi shiorlarni baland ovozda aytayotgan yoki jurnalistlarga intervyu bergan yoshlarni qo‘lga olmoqda. Turli shaharlarda o‘nlab odamlar hibsga olingani aytilmoqda.
Ular orasida bolalarni himoya qilish assotsiatsiyasi rahbari Nadjat Anuar ham bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, u voyaga yetmaganlar qo‘lga olingani haqidagi xabarlarni tekshirish uchun kelgan, ammo o‘zi ham ushlangan.
Namoyishchilarning asosiy talablariga shifoxonalardagi yomon sharoit, shifokorlar yetishmasligi, tibbiy uskunalar tanqisligi va tibbiy xizmat sifatining pastligi kiradi.
Shuningdek, yoshlar ta’lim sohasidagi ahvoldan ham norozi bo‘lib, hukumatdan yuzaga kelgan vaziyat uchun javobgarlikni talab qilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!