Samarqand shahrida piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan fuqarolarni urib yuborgan haydovchi jinoyat sodir etganlikda aybli deb topildi. Bu haqda Millar dasturi xabar berdi.
Voqea 11-aprel kuni soat 20:00 larda Nurli yo‘l mahallasi hududidan o‘tuvchi Rudakiy ko‘chasida yuz bergan. 1997-yilda tug‘ilgan haydovchi Lacetti mashinasini yuqori tezlikda boshqarib, piyodalarni o‘tkazish uchun to‘xtab turgan Labo avtomobiliga urilgan. Natijada boshqaruvni yo‘qotgan haydovchi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 8 kishini urib yuborgan.
Jabrlanuvchilardan birining aytishicha, hodisa chog‘ida 3 qator mashina piyodalarga yo‘l bergan, biroq to‘rtinchi qatordan katta tezlikda kelgan Lacetti to‘xtamasdan odamlarni urib ketgan. “2 yoshli qizim 20 metrga uchib ketdi, oyog‘i sindi. Nogiron bo‘lib qolishi mumkin edi. Hozir ham oqsoqlanib yuradi. Vafot etgan opam homilador edi”, — deydi u.
Baxtsiz hodisa oqibatida 33 yoshli ayol shifokorlar ko‘rsatgan yordamga qaramay hayotdan ko‘z yumgan. Marhumaning 3 farzandi onasiz qoldi. “Farzandlarim onasining suratiga qarab, ‘qachon onamni olib kelasiz’ deb so‘rashadi. Eng og‘iri shu savolga javob bera olmasligim”, — deydi marhumaning turmush o‘rtog‘i.
JIB Samarqand shahar sudi hukmiga ko‘ra, haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismiga muvofiq aybli deb topildi va 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qoidabuzarning onasi esa bu voqeani “baxtsiz hodisa” deb atab, jabrlanganlardan uzr so‘radi. U o‘g‘lining yaqinda Rossiyadan qaytganini va bunday ishni qilaman deb ko‘chaga chiqmaganini ta’kidladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!