Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Zaporojye atom elektr stansiyasining asosiy quvvat manbaidan uzib qo‘yilishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda Ukraina Energetika vazirligi xabar berdi.
MAGATE ma’lumotiga ko‘ra, stansiya hozirda faqat zahira dizel generatorlari hisobiga ishlamoqda. Mavjud yonilg‘i zahiralari esa atigi 10 kunga yetishi aytilmoqda.
Tashkilot bosh direktori Rafael Mariano Grossi vaziyatni yadro xavfsizligi nuqtayi nazaridan beqaror deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, agar rezerv tizimlari ham to‘xtasa, yadro yonilg‘isining erib ketishi xavfi yuzaga keladi.
Ukraina tomoni bildirishicha, elektr liniyalari Rossiya armiyasi tomonidan 23-sentyabr kuni uzib qo‘yilgan. Bu Zaporojye AESning rus kuchlari tomonidan o‘ninchi marta uzib qo‘yilishi bo‘ldi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiyani stansiyani o‘z nazoratiga olish va bu jarayonda MAGATE qo‘llovini ta’minlashga intilayotganlikda aybladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!