Jahon

Afg‘onistonda internet ikki kunlik uzilishdan so‘ng tiklandi

Afg‘onistonda internet ikki kunlik uzilishdan so‘ng tiklandi

Afg‘onistonda 29-sentyabr kuni yuz bergan to‘liq uzilishdan so‘ng internet qayta tiklandi. “Tolibon” bunga “kabel shikastlanishi” sabab bo‘lganini bildirdi, deb yozadi BBC.

Manbalarga ko‘ra, internetni qayta yoqish qarori bosh vazir Muhammad Hasan Oxund tomonidan qabul qilingan. Uni o‘chirish esa “Tolibon” oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda buyrug‘i bilan amalga oshirilgan.

Bu jarayon korxonalar va aviaqatnovlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatib, favqulodda xizmatlardan foydalanishni ham cheklagan.

“Tolibon” vakili Zabihulloh Mujohid uzilishga hukumatning aloqasi yo‘qligini ta’kidladi va muammo optik tolali kabellarni almashtirish bilan bog‘liq bo‘lganini aytdi.

NetBlocks tashkiloti uzilishni “Tolibon”ning yangi axloqiy qoidalar joriy etishi bilan bog‘ladi. BMT esa internet aloqasining cheklanishi aholiga zarar yetkazishini, iqtisodiy barqarorlikka xavf solishini va gumanitar inqirozni yanada chuqurlashtirishi mumkinligini ogohlantirdi.