Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi 55 yoshli erkak Rossiyadagi qurolli mojaro ishtirokchisi sifatida sud hukmiga tortildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u 2023-yil iyunida Rossiyaga ishlash uchun borgan. Patent rasmiylashtirish o‘rniga unga Mudofaa vazirligi bilan shartnoma taklif qilingan va 2023-yil iyulida bir yilga shartnoma imzolagan.
Harbiy xizmat davomida “Ded” laqabini olgan erkak Belgorod viloyatida asosan texnikani ta’mirlash bilan shug‘ullangan, jang maydonlariga yuborilmagan.
Shartnoma bo‘yicha u 700 ming rubl miqdorida bir martalik to‘lov hamda oyiga 150–200 ming rubl maosh olgan. Bu pullarning bir qismini oilasiga yuborgan. 2024-yil may oyida sog‘lig‘i sababli xizmatni to‘xtatib, O‘zbekistonga qaytgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, uning ismi urushda qatnashgan o‘zbekistonliklar ro‘yxatida paydo bo‘lgan. 2025-yilda esa u qo‘lga olinib, sudga tortildi.
Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (“Yollanma jangchilik”) bo‘yicha aybdor deb topildi va unga 2 yil umumiy tartibli koloniyada ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!