Iqtisod, Jamiyat

Endi pensiyalar Face-ID orqali to‘lanadi

Endi pensiyalar Face-ID orqali to‘lanadi

2025-yil oktyabrdan boshlab Oʻzbekistonda pensiyalarni naqd shaklda olish jarayoni Face-ID texnologiyasi orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Pensiya jamgʻarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi tizimga ko‘ra, fuqarolarning shaxsi biometrik identifikatsiya yordamida tasdiqlanadi, imzo esa elektron tarzda olinadi. Mazkur mexanizm pensiya mablagʻlarini faqat haqiqiy egalariga yetkazishni ta’minlaydi hamda “boshqa shaxslar tomonidan olib qoʻyish” holatlarining oldini oladi.

Adliya vazirligi fuqarolarning biometrik maʼlumotlarini bepul taqdim etadi. Tizim uchun zarur texnik vositalar esa Pensiya jamgʻarmasi va Xalq banki mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Rasmiylarga ko‘ra, bu mexanizm to‘lovlarning o‘z vaqtida va manzilli tarzda amalga oshirilishini kafolatlaydi.

2024-yil sentyabr oyida Vazirlar Mahkamasi pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi ustida ishlaydigan ishchi guruhni tuzgan. Guruhga iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qilmoqda. Loyiha 2025-yil mart oyigacha Prezident Administratsiyasiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

So‘nggi yillarda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlar esa 5 barobar oshgan. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari O‘zbekiston hukumatiga pensiya tizimini raqamlashtirish va sug‘urta staji tizimini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar bergan.