Iqtisod

Oltin narxi tarixda ilk bor 4000 dollardan oshdi

Oltin narxi tarixda ilk bor 4000 dollardan oshdi

Nyu-Yorkdagi Comex tovar birjasida oltin narxi tarixda ilk bor bir troya unsiyasi (taxminan 31,1 gramm) uchun 4000 dollardan oshdi.

Ertalabki savdolarda dekabr fyuchersi 4000,1 dollar darajasigacha ko‘tarilib, 0,35 foizlik o‘sishni qayd etdi. Biroq Toshkent vaqti bilan soat 05:54 da narx biroz pasayib, 3987,4 dollarga tushdi. Shunga qaramay, oltin qiymati rekord darajaga yaqin bo‘lib qoldi.

Avvalgi rekord 6-oktyabr kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda narx 3949 dollardan oshgan edi. O‘tgan hafta davomida esa oltin narxi ketma-ket uch marta tarixiy maksimumni yangilab, 3757 dollardan 3885 dollargacha oshdi — bu 3 foizdan ortiq o‘sishni anglatadi.

Narx oshishiga nima sabab bo‘ldi?

Oltin qiymatining ko‘tarilishi asosan 1-oktyabrda boshlangan AQSH hukumati shatdauni bilan izohlanmoqda. Senat demokratlar va respublikachilar taqdim etgan federal byudjet bo‘yicha takliflardan hech birini qabul qilmagani sababli, davlat idoralarining bir qismi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.

Masalan, 3-oktyabr kuni e’lon qilinishi kerak bo‘lgan mehnat bozori hisobotining kechikishi investorlar orasida xavotir uyg‘otgan. Natijada ular o‘z mablag‘larini “xavfsiz boshpana” sifatida ko‘riladigan oltinda saqlashni afzal ko‘rmoqda.

Bloomberg’ning yozishicha, 2025-yil boshidan buyon oltin narxi deyarli 50 foizga oshgan. Yil boshida bir unsiya oltin 2623 dollar turgan edi. Narxning bunday keskin o‘sishiga “prezident Donald Tramp davridagi iqtisodiy va geosiyosiy noaniqlik” ham sabab bo‘layotgani ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, AQSH Federal zaxira tizimi (FRS) sentabr oyida foiz stavkasini so‘nggi to‘qqiz oy ichida ilk bor pasaytirgani ham bozorlarga ta’sir ko‘rsatgan. Stavka 4,25–4,5% dan 4–4,25% gacha tushirilgan.

2026-yil prognozi

Deutsche Bank tahlilchilari 2026-yilda ham oltin narxi 4000 dollardan yuqori bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bunga markaziy banklar tomonidan yuqori talab, dollarning ehtimoliy zaiflashishi va Federal zaxira tizimi foiz stavkasining pasayishda davom etishi sabab bo‘ladi.