9-oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida tor doirada uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Rossiya osmonida o‘tgan yil dekabr oyida Ozarbayjon samolyoti bilan bog‘liq fojia tergovi hamda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchrashuv davomida mazkur hodisa haqida ilk bor batafsil ma’lumot berib, tergov yakunlanganini va asosiy sabablar aniqlanganini bildirdi.
“Bu fojia bir necha omil natijasida yuz berdi. O‘sha kuni Rossiya havo hududiga Ukraina tomonidan uchta dron kirgan. Shu bilan birga, havo mudofaa tizimida texnik nosozliklar ham kuzatilgan,” — dedi Putin.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, samolyotga qarata otilgan ikki raketa to‘g‘ridan to‘g‘ri tegmagan, balki 10 metrcha masofada portlagan. Natijada layner asosan portlash parchalari ta’sirida zarar ko‘rgan. Uchuvchi bu holatni “qushlar bilan to‘qnashuv” deb baholagan va bu ma’lumot “qora quti”da ham qayd etilgan.
Rossiya rahbari hodisani atroflicha o‘rganish davom etayotganini, yakuniy xulosalar esa adolatli va xolis bo‘lishini ta’kidladi. U, shuningdek, barcha mas’ullarga huquqiy baho berilishini va halok bo‘lganlar oilalariga kompensatsiya to‘lanishini ma’lum qildi.
“Bizning maqsad — voqealarga xolis baho berish va haqiqatni aniqlashdir. Yakuniy natijaga yetish biroz vaqt talab etadi, ammo hozircha eng so‘nggi ma’lumotlarni sizga yetkazdim,” — dedi Putin.
Ilhom Aliyev esa tergov jarayonining shaffof o‘tayotganini qayd etib, bu masalaga e’tibor bergani uchun Rossiya prezidentiga minnatdorchilik bildirdi.
“Tergov xolis olib borilayotgani va siz uni shaxsan nazorat qilayotganingiz biz uchun muhim,” — dedi Ozarbayjon rahbari.
Aliyev, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik “yo‘l xaritalari” doirasida izchil davom etayotganini va hukumatlararo komissiya faol ishlayotganini ta’kidladi.
Putin uchrashuv yakunida Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalar “ittifoqchilik ruhida” rivojlanayotganini aytib, imzolangan bitimlarning barcha bandlarini bajarish niyatini bildirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!