AQSH prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan yangi tashabbusga ko‘ra, 1-noyabrdan boshlab Xitoydan import qilinadigan barcha mahsulotlarga amaldagi bojlar ustiga yana 100 foizlik qo‘shimcha boj joriy etiladi. Bu haqda Tramp 10-oktyabr kuni Truth Social’dagi murojaatida ma’lum qildi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Xitoyning xalqaro savdoda “tajovuzkor va adolatsiz siyosat yuritayotgani” bilan bog‘liq. Tramp, shuningdek, ayrim turdagi dasturiy ta’minot va texnologiyalar eksportiga ham cheklovlar kiritilishini qo‘shimcha qilgan.
“Xitoy hukumatining harakati barcha mamlakatlarga ta’sir qiladi. Bunday holat xalqaro savdo tarixida deyarli kuzatilmagan”, — deb yozgan Tramp o‘z bayonotida.
Xitoy hukumati hozircha bu qarorga rasmiy javob bermagan.
Ma’lumki, Tramp yaqinda Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan APEC sammiti doirasida Si Szinpin bilan uchrashuvining o‘tkazilishiga shubha bilan qaragan edi. U buni Xitoyning 9-oktyabr kuni nodir yer metallarining eksportini qat’iy nazorat ostiga olgani bilan izohladi.
So‘nggi oylar ichida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo tarangligi ortib bormoqda. Har ikki tomon bir necha bor o‘zaro bojlarni oshirgan bo‘lsa-da, avgust oyida ular 90 kunlik tanaffus e’lon qilgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!