Angliyaning janubidagi Wilton Park qarorgohida G‘azo sektorini urushdan keyin qayta tiklash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Yaqin Sharq va Yevropa davlatlari hamda yirik moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etdi.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, uch kun davom etgan muzokaralar G‘azoda vayronalarni bartaraf etish, turar joy, maktab va shifoxonalarni qayta tiklash rejalarini muvofiqlashtirishga qaratilgan.
“Vaqtni boy bermaslik kerak — tiklanish jarayoni darhol boshlanishi lozim”, — dedi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xemish Falkoner.
Uchrashuvda Falastin ma’muriyati, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Italiya, Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari qatnashgan.
Britaniya tomoni xususiy kapitalni jalb etish va London moliya markazining imkoniyatlaridan foydalanish orqali G‘azoni tiklashga hissa qo‘shmoqchi.
Xalqaro baholashlarga ko‘ra, Isroil hujumlari natijasida sektorga 70 milliard dollardan ortiq zarar yetgan, infratuzilmaning qariyb 90 foizi vayron bo‘lgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!