Jamiyat

Cobalt’ning yangi modellari narxlari e’lon qilindi

Cobalt’ning yangi modellari narxlari e’lon qilindi

UzAutoMotors Chevrolet Cobalt avtomobilining ikki yangi komplektatsiyasini taqdim etdi — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM. Yangi modifikatsiyalar 2025-yil 3-noyabrdan boshlab barcha Chevrolet dillerlik markazlarida sotuvga chiqariladi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, yangilanishlar doirasida avtomobilning 50 dan ortiq muhim komponentlari modernizatsiya qilingan. Jumladan:

Yangi dvigatel boshqaruv bloki o‘rnatilgan, gaz taqsimlash va elektron boshqaruv tizimlari takomillashtirilgan.

ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari boshqaruv bloklari yangilangan.

Har ikkala yangi versiyada haydovchi va yo‘lovchilar qulayligiga alohida e’tibor qaratilgan. Avtomobil:

Kruiz-nazorat tizimi bilan jihozlangan, belgilangan tezlikni avtomatik ushlab turadi.

Old o‘rindiqlarning isitish tizimi sovuq mavsumda qulaylik yaratadi.

Sensorli multimedia tizimi Android Auto va Apple CarPlay tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi asboblar paneli va ruldagi boshqaruv tugmalari haydovchi uchun qulay boshqaruv imkonini beradi.

Midnight MCM komplektatsiyasi interyer va eksteryer dizaynida farq qiladi:

Salon ekocharm qoplamali, isitiladigan o‘rindiqlar bilan jihozlangan, ichki bezaklar va boshqaruv elementlari to‘liq qora rangda ishlab chiqilgan.

Eksteryerda qoraytirilgan faralar, qora rangdagi yon oynalar va quyma g‘ildirakli disklar avtomobilga o‘ziga xos ko‘rinish beradi.

Tavsiya etilgan chakana narxlar:

Cobalt Style MCM — 156 100 000 so‘m

Cobalt Midnight MCM — 165 200 000 so‘m

Mavjud komplektatsiyalar esa avvalgi narxlarda taqdim etiladi:

Style AT Plus — 147 916 000 so‘m

Midnight AT — 155 231 000 so‘m

UzAutoMotors’ning ta’kidlashicha, yangilangan Chevrolet Cobalt versiyalari qulaylik, xavfsizlik va texnologik yangiliklar jihatidan avvalgilardan sezilarli darajada ustun bo‘ladi.