Jahon, Yangiliklar

Rossiya 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi migratsiya siyosatini tasdiqladi

Rossiya 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi migratsiya siyosatini tasdiqladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasini tasdiqladi. Hujjat rasmiy huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi va u 2018-yildan beri amal qilib kelayotgan siyosatning o‘rnini egallaydi.

Yangi konsepsiyada migratsiya siyosatining asosiy maqsadi, vazifalari va yo‘nalishlari belgilangan. Unda chet el fuqarolarining kirish-chiqishi, yashash sharoitlari, vaqtinchalik boshpana berish, fuqarolik olish hamda migratsiya hisobi kabi masalalar qamrab olingan.

Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan muhojirlar sonining o‘sishi davom etadi. Bu mamlakatdagi chet ellik ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj bilan izohlanmoqda.

Konsepsiya 9 ta bo‘lim va 46 ta banddan iborat bo‘lib, unda migrantlarning Rossiya qadriyatlarini o‘zlashtirishi va jamiyatga moslashishiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, quyidagi yo‘nalishlar ustuvor deb belgilangan:

  • Rossiyaga an’anaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan chet elliklar sonini oshirish;
  • Rossiyada maktabga qatnamaydigan migrant bolalar sonini kamaytirish;
  • Ishlamaydigan va o‘qimaydigan migrant oila a’zolarining mamlakatda yashashini cheklash;
  • Etnik anklavlarning shakllanishi va migrantlarning jamiyatdan chetlashishining oldini olish;
  • Migratsiya nazoratini kuchaytirish maqsadida axborot texnologiyalari va biometriyani keng joriy etish.

Yangi siyosat doirasida 2030-yilgacha noqonuniy yashayotgan chet elliklar sonini kamaytirish, ularning ishtirokidagi jinoyatchilik darajasini pasaytirish va Rossiya oliy o‘quv yurtlarida chet ellik talabalar ulushini oshirish ham rejalashtirilgan.