Jahon

“Maxfiy buyruq” Qozog‘iston sement eksportini to‘xtatdi — QazCem

“Maxfiy buyruq” Qozog‘iston sement eksportini to‘xtatdi — QazCem

Qozog‘iston Sement va beton ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (QazCem) rahbari Yerbol Aqimbayev O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan “maxfiy buyruq” Qozog‘istondan sement eksportiga keskin zarba berganini ma’lum qildi.

Aqimbayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2025-yil iyul oyida maxfiy hujjat qabul qilgan. Unga binoan, Qozog‘istondan O‘zbekistonga keltirilayotgan sement kamida 300 dollar narxda deklaratsiya qilinishi va shu asosda soliq to‘lanishi majburiy etilgan.

“Biz sementni O‘zbekistonga 30 dollarga yetkazib beramiz. Ammo yangi tartibga ko‘ra, uni 300 dollardan deklaratsiya qilish talab qilinmoqda. Bu narxda hech kim sement sotib olmaydi”, — dedi Aqimbayev Forbes Kazakhstan nashriga bergan intervyusida.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qarordan so‘ng 2025-yil avgust oyida O‘zbekistonga sement importi so‘nggi yetti yilda ilk bor nol darajaga tushgan.

QazCem rahbari aytishicha, O‘zbekiston hukumati ichki ishlab chiqarishni himoya qilish uchun bunday siyosat yuritmoqda. Shu bilan birga, u “hujjat ochiq manbalarda topilmaganini”, ammo O‘zbekiston bojxona xodimi ko‘rsatgan surat orqali bu ma’lumotga ega bo‘lganini bildirgan.

Ayni damda bu masala Qozog‘istonning tegishli idoralari tomonidan muhokama qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston so‘nggi yillarda O‘zbekistonga sement yetkazib beruvchi asosiy hamkorlardan biri hisoblanadi. Eksport hajmining keskin kamayishi mintaqaviy qurilish bozoriga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.