Jahon

Bemorni o‘ldirish qonuniylashdi. Urugvayda

Bemorni o‘ldirish qonuniylashdi. Urugvayda

Urugvay Senati 15-oktyabr kuni evtanaziyani qonuniylashtirish haqidagi qonunni ma’qulladi. Endilikda og‘ir xastalikdan aziyat chekayotgan bemorlarga hayotini tugatishda tibbiy yordam berish jinoyat hisoblanmaydi.

Qonunni 31 senatorning 20 nafari yoqlab ovoz berdi. Tashabbus avgust oyida parlamentning quyi palatasida ham ko‘rib chiqilgan edi. Ushbu qaror bilan Urugvay Lotin Amerikasida evtanaziyani qonuniylashtirgan birinchi davlatga aylandi.

Mamlakatning chap qanot partiyasi vakillari qonunni faol qo‘llab-quvvatlab, uni inson huquqlari bilan bog‘lashdi. Senator Daniel Borbonetning aytishicha, “hayot — bu huquq, ammo og‘ir kasallikdan qiynalayotgan inson uchun majburiyat bo‘lib qolmasligi kerak”.

Urugvay katolik cherkovi esa qonunga qarshi chiqdi. Montevideo arxiyepiskopi Daniel Sturla fuqarolarga “hayot ne’matini himoya qilish”ga va og‘ir bemorlarni “oxirigacha parvarish qilish va qo‘llab-quvvatlash”ga chaqirdi.

Qonunga ko‘ra, evtanaziyani faqat tibbiyot xodimi amalga oshirishi mumkin. Bemorning o‘zi dori ichib hayotiga zomin bo‘lishiga ruxsat etilmaydi. Amaliyot faqat davolab bo‘lmaydigan kasallikka chalingan, chidab bo‘lmas azob-uqubatni boshdan kechirayotgan va aqli raso bemorlar uchun ruxsat etiladi. Voyaga yetmaganlarga esa bu amaliyot taqiqlangan.

Urugvay ilgari ham ijtimoiy erkinlik sohasida bir qator yangiliklarga qo‘l urgan. Mamlakat dunyoda birinchi bo‘lib marixuana iste’molini qonuniylashtirgan hamda abortga ruxsat bergan.