Madaniyat

Yangi Toshkent aeroporti O‘zbekiston turizmini yangi bosqichga olib chiqadi

Yangi Toshkent aeroporti O‘zbekiston turizmini yangi bosqichga olib chiqadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari 2030-yilga borib O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar sonini 25 million nafarga yetkazish imkonini yaratadi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, hozirda mamlakatga har oy 1 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurmoqda. Belgilangan maqsadga erishish uchun bu ko‘rsatkichni oyiga 2 million nafardan oshirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunga kelib, 18 ta xalqaro aeroport faoliyat yuritmoqda, yana 7 ta aeroport zamonaviy talablarga mos ravishda ta’mirlanmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda.

Hozirda 51 ta xorijiy aviakompaniya O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, AQShdan xarid qilingan 22 ta “Boeing” samolyoti mamlakatni Yevropa, Osiyo va AQSh bilan bog‘laydi.

Bundan tashqari, mamlakat ichida temiryo‘l va avtomobil infratuzilmasi yangilanmoqda, yangi elektrobuslar va tez-yurar poyezdlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu islohotlar O‘zbekistonni mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay, xavfsiz va jozibador yo‘nalishga aylantiradi.