Jamiyat, O‘zbekiston

Qumqo‘rg‘on hokimining “tezak g‘amlash” haqidagi gaplari bo‘yicha izoh berildi

Qumqo‘rg‘on hokimining “tezak g‘amlash” haqidagi gaplari bo‘yicha izoh berildi

Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatovning “tezak qilib, qishga tayyorgarlik ko‘rish kerak” degan chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan tuman hokimligi matbuot kotibi Akrom Norboyev izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tarqalgan video sessiyaning to‘liq yozuvidan kesib olingan va noto‘g‘ri talqin qilingan. “Bu energiya resurslarini tejash, aholiga qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish haqida aytilgan so‘zlar edi,” dedi Norboyev.

Shuningdek, u hukumat qaroriga ko‘ra, yangi qurilayotgan xo‘jaliklarni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash 8 yildan buyon to‘xtatilganini eslatdi. Shu sababli ayrim mahallalarda aholining gaz tarmog‘iga ulanmaganligi tufayli muqobil yoqilg‘idan foydalanish tavsiya etilganini bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki 7 oyida O‘zbekistonda 25,3 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olingan — bu so‘nggi sakkiz yildagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Anvar Normamatov 2022-yil avgust oyidan beri Qumqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritadi.