Reuters va The New York Times manbalariga ko‘ra, Suriya prezidenti Ahmad al-Sharaa boshchiligidagi delegatsiya Moskva safarida Rossiyadan 2024-yil dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq prezident Bashar Asadni topshirishni so‘ragan.
Asad hozir Rossiyada boshpana topgan. 2025-yil sentabr oyida Suriyada unga nisbatan hibsga olish orderi chiqarilgan. Shu bilan birga, Moskvada Asad rejimining sobiq generallari ham yashamoqda.
Ular orasida Suriya arab armiyasining sobiq bosh qo‘mondon o‘rinbosari va mudofaa vaziri Ali Abbos, harbiy razvedkaning sobiq rahbari Kamol al-Hasan, shuningdek Milliy xavfsizlik byurosining sobiq rahbarlari Ali Mamluk va Kifo Malham bor.
Mazkur shaxslar fuqarolar urushi davrida shaharlarni o‘qqa tutish, kimyoviy qurollardan foydalanish va ommaviy qirg‘inlarda ishtirok etganlikda ayblanadi.
Manbaga ko‘ra, ular orasida 2012-yilda Daraning o‘qqa tutilishi va 700 dan ortiq odam halok bo‘lgan harbiy operatsiyani boshqargan Mohir Asad, Aus Aslan hamda Kaxtan Xalil ham bor.
Shuningdek, Asad armiyasining maxsus kuchlari qo‘mondoni Suhayl al-Hasan ham hozir Moskvada yashayotgani bildirilgan. U Idlib va Halab viloyatlaridagi operatsiyalarni boshqargan va Rossiya kuchlari bilan yaqin hamkorlik qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!