Jahon

Afg‘oniston va Pokiston tinchlik kelishuvini imzoladi

Afg‘oniston va Pokiston tinchlik kelishuvini imzoladi

Afg‘oniston va Pokiston hukumati Dohada o‘tgan muzokaralar yakunida zudlik bilan va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Qatar tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda Qatar va Turkiya vositachilik qilgan.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish, shuningdek tinchlik va barqarorlikni ta’minlash mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishgan. Yaqin kunlarda kelishuv ijrosini nazorat qilish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarni muhokama etish uchun qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Afg‘oniston hukumati vakili Zabihulloh Mujohid ikki davlat bir-biriga qarshi qurolli harakatlarni amalga oshirmaslik majburiyatini olganini tasdiqladi. U, shuningdek, uchinchi tomon ishtirokidagi nazorat mexanizmi tashkil etilishini ma’lum qildi.

Pokiston mudofaa vaziri Xavoja Muhammad Asif esa kelishuv ijrosini muhokama qilish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv 25-oktabr kuni Istanbulda o‘tkazilishini bildirdi. U Qatar va Turkiyaga muzokaralardagi faol yordami uchun minnatdorlik izhor etdi.