O‘zbekiston

Rossiyadagi o‘zbekistonlik haydovchilar “kirishi man etilganlar” ro‘yxatiga tushmoqda

Rossiyadagi o‘zbekistonlik haydovchilar “kirishi man etilganlar” ro‘yxatiga tushmoqda

O‘zbekiston Migratsiya agentligi Rossiyada ishlayotgan xalqaro yuk tashuvchi haydovchilarni migratsiya qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Rossiyadagi xalqaro avtoyuk tashishlarning qariyb 25 foizi o‘zbekistonlik haydovchilar tomonidan amalga oshirilmoqda. Ammo ayrim fuqarolar migratsiya tartib-qoidalariga amal qilmagani sababli Rossiya ichki ishlar organlarining “kirishi man etilgan shaxslar” ro‘yxatiga tushib qolmoqda.

Tashkilot haydovchilarni quyidagi qoidalarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi:

  • chegaradan o‘tishda migratsion kartani to‘g‘ri to‘ldirish (maqsad — “turizm” emas, “slujebnaya” yoki “tranzit” bo‘lishi kerak);
  • Rossiyaga kirgandan keyin 15 ish kuni ichida migratsiya ro‘yxatiga qo‘yilish;
  • 365 kunlik davrda 90 kundan ortiq qolib ketmaslik;
  • fors-major holatlarda (transport buzilishi, kechikish va hokazo) dalolatnoma olish.

Agentlik ogohlantirishicha, takroriy huquqbuzarliklar Rossiyaga 3 yildan 10 yilgacha kirish taqiqiga sabab bo‘lishi mumkin.

Agar fuqaro “kirishi taqiqlanganlar” ro‘yxatiga tushgan bo‘lsa, u Rossiya Ichki ishlar organlariga (GUVM MVD RF) yozma ariza topshirib, safarning haqiqiy maqsadini isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi yoki apellyatsiya orqali ro‘yxatdan chiqarishni talab qilishi mumkin.

Migratsiya agentligi, shuningdek, muammoli vaziyatlarda agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasiga murojaat qilishni tavsiya etdi.