O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabrda Bryusselga boradi

Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabrda Bryusselga boradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 24-oktyabr kuni Bryusselga boradi. Safar davomida u O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.

Mazkur bitim 1996-yilda tuzilgan hujjat o‘rnini bosib, ikki tomonlama hamkorlik uchun yangilangan huquqiy asos yaratadi. U investitsiyalar, raqamlashtirish, barqaror rivojlanish va atrof-muhit kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Yangi kelishuv O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan strategik yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Avvalroq, 2024-yil noyabrida Shavkat Mirziyoyev va Yevrokengash rahbari sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan edi. 2025-yil mart oyida esa prezident Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissarini qabul qilib, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Shuningdek, Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta 2025-yil sentyabr oyida prezident Mirziyoyevga yo‘llagan maktubida:

“Siz bilan 24-oktyabr kuni Bryusselda uchrashishni intizorlik bilan kutmoqdaman”, — deb yozgandi.