Jamiyat, Madaniyat

«Yangi daraxt — yangi nafas» respublika ekochempionati o‘tkaziladi

«Yangi daraxt — yangi nafas» respublika ekochempionati o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qilganidek, 2025-yildan boshlab har yili mart oyining ikkinchi yakshanbasi hamda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida “Yangi daraxt — yangi nafas” respublika ekochempionati o‘tkaziladi.

Mazkur ekochempionatda mamlakatimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan barcha — o‘quvchilar, talabalar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari hamda 18 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.

Chempionat “Eng ko‘p daraxt ko‘chatlarini ekkan tabiat himoyachisi” nominatsiyasi bo‘yicha o‘tkaziladi. Tadbir o‘tkaziladigan joylarning manzili har bir mavsum boshida — bahor uchun 1-martga qadar, kuz mavsumida esa 1-noyabrga qadar — vazirlik hududiy boshqarmalarining Telegram kanallari orqali e’lon qilinadi.

Ekochempionat jarayonlarini tashkil etish maqsadida hududlarda maxsus komissiyalar tuziladi. Ular tomonidan daraxt turlari va miqdori, ekish tartibi hamda joylashuv masofasi belgilanadi. Ekish ishlari ertalab soat 08:00 dan 12:00 gacha, natijalarni hisoblash esa 15:00 gacha davom etadi.

Chempionatning sanasi ob-havo sharoitiga qarab o‘zgartirilishi mumkin. Yakuniy natijalar asosida g‘oliblar aniqlanib, 3 million so‘m pul mukofoti, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

“Yangi daraxt — yangi nafas” ekochempionati “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida, “2030-yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi — iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida daraxt ekish madaniyatini ommalashtirish, ekologik qadriyatlarni mustahkamlash va tabiatni asrashga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir.