Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi o‘z jazoni Parijning 14-rayonidagi Sante qamoqxonasida o‘taydi. Shu tariqa u Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda ozodlikdan mahrum etilgan ilk fransuz prezidenti bo‘lmoqda.

Sarkozi xavfsizlik nuqtayi nazaridan qamoqxonaning bir kishilik maxsus qanotiga joylashtiriladi. Qamoqxona rahbari Sebastyan Kovelning aytishicha, sobiq prezident boshqa mahbuslar bilan uchrashmaydi va kuniga ikki marta sayr qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Sante qamoqxonasi yaqinda rekonstruksiya qilingan bo‘lib, barcha kameralar 9–12 kvadrat metrli, ichida dush, statsionar telefon va televizor mavjud. Mahbuslar oyiga 14 yevro evaziga televizor tomosha qilishi mumkin, 20 daqiqalik telefon suhbati esa 110 yevroga tushadi.

Sarkozi o‘zi bilan Aleksandr Dyumaning “Graf Monte-Kristo” romanini ham olib kirganini aytdi. Uning advokati Jan-Mishel Darruaning so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezident kameraga bir nechta issiq sviter va bosh kiyimlar ham olib kirgan.
Sarkozi qamoqda qancha vaqt o‘tirishi hozircha noma’lum. Sud unga apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilishidan oldin jazoni o‘tashni boshlash majburiyatini yuklagan. Shu bilan birga, advokatlari uni ozod etish bo‘yicha ariza topshirish niyatida.
17-oktabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sobiq prezidentni Yelisey saroyida qabul qilgan. “Bunday sharoitda o‘tmishdoshimni qabul qilish – insoniylik,” – dedi Makron tanqidlarga javoban.
Elabe agentligi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, fransuzlarning 58 foizi sud qarorini xolis deb hisoblaydi, 61 foizi esa Sarkozining hibsda qolishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!