Hindiston prezidenti Draupadi Murmu bo‘lgan vertolyot Kerala shtatida qo‘nish jarayonida noodatiy holatga duch keldi. Xabarlarga ko‘ra, vertolyot qo‘nish paytida yangi quyilgan betonga botib qolgan.
«The Hindu» nashrining yozishicha, vertolyotning Nilakkal hududiga qo‘nishi soat 10:20 da rejalashtirilgan edi. Ammo 22-oktyabr kuni kechqurun yog‘ingarchilik va shamol tufayli parvoz jadvali o‘zgartirilgan. Shu sababli prezident borti uchun uchta vaqtinchalik maydoncha tayyorlangan, ulardan biri foydalanish uchun tanlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, maydoncha prezident tashrifi arafasida, kechasi qurib bitkazilgan. Namlik tufayli beton to‘liq qotmagan bo‘lgan. Vertolyot Rajiv Gandi nomidagi yopiq stadion maydoniga qo‘nganida, uning g‘ildiraklari yerga botib qolgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, politsiya va yong‘in-qutqaruv xodimlari vertolyotni qo‘lda siljitgan. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan.
Rasmiylar prezidentning sog‘-omon ekanini, hodisa hech qanday xavf tug‘dirmaganini ma’lum qilganlar. Murmu vertolyotdan chiqqach, dasturini reja bo‘yicha davom ettirgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!