O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubai Taxi Company PJSC kompaniyasi rahbari Sayid Amin Abdulrahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda O‘zbekistondan tajribali haydovchilarni BAAda qonuniy ravishda ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya rahbarining aytishicha, dastlabki bosqichda 200 nafar o‘zbekistonlik fuqaroni taksi haydovchisi sifatida ishga jalb etish rejalashtirilmoqda. Agar ularning mehnat samaradorligi yuqori bo‘lsa, yana 500 nafar haydovchi ish bilan ta’minlanishi mumkin.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Mehnat agentligi va Dubai Taxi Company PJSC vakillari hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilishga kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Migratsiya agentligi o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga mavsumiy ishga yuborish dasturini qayta tiklaganini e’lon qilgandi. Kelishuvga ko‘ra, fuqarolar Kyongsangnam-do provinsiyasida qishloq xo‘jaligi sohasida ish bilan ta’minlanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!