Hodisa

Chustda yonilg‘i shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida bir kishi vafot etdi

Chustda yonilg‘i shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida bir kishi vafot etdi

Namangan viloyati, Chust tumanida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida chaqnash sodir bo‘lishi natijasida bir kishi vafot etdi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2025-yil 25-oktyabr kuni soat 18:47 da “Birlik” mahallasidagi faoliyati to‘xtatilgan AYQSHda chaqnash yuz bergani haqida 112-tizimiga xabar kelib tushgan.

Hodisa joyiga uchta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi jalb etilgan. Yong‘in kelib chiqmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 tonnalik yonilg‘i saqlash sisternasini boshqa joyga ko‘chirish jarayonida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmaganligi sababli chaqnash sodir bo‘lgan.

Oqibatda, payvandlovchi sifatida ishlagan ishchi voqea joyida halok bo‘lgan.
Hozirda hodisa sabablari va yetkazilgan zarar miqdori o‘rganilmoqda.