25 oktyabr kuni tunda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida daraxtlar kesilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar Ekologiya vazirligi inspektsiyasi tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish natijasida Nukus ko‘chasi va Bobur ko‘chasi kesishmasidan boshlab, Bobur ko‘chasi bo‘ylab avtomobil yo‘li yoqasida jami 144 tup mojjevelnik daraxti kesib tashlangani aniqlandi.
Guvohlarning ma’lumotiga ko‘ra, daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari B. Rahmonovning topshirig‘iga asosan, o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga yangi ko‘chatlar ekish maqsadida obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi paytda kesib tashlangan.
Ekologiya vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur holat Prezident Farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablariga zid hisoblanadi.
25 oktyabrdan boshlab kesilgan hududda manzarali daraxtlar ekish ishlari boshlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 620 million 472 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Hozirda hujjatlar rasmiylashtirilib, aybdorlarga nisbatan choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborilgan. Masala Ekologiya vazirligi nazoratida o‘rganilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!