Moskvadagi “Prokshino” turar joy majmuasi hududida 25-oktyabr kuni migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv yuz berdi. Mojaroda ishtirokchilar bir-biriga armatura, belkurak va yo‘l belgilaridan foydalanib hujum qilgan.
Hodisa oqibatida besh kishi tan jarohati olgani, bir nechta avtomobilga zarar yetgani xabar qilindi. Huquq-tartibot idoralari voqea joyiga yetib borganda ishtirokchilar tarqalib ketgan. Keyinchalik 40 ga yaqin kishi politsiya bo‘limiga olib ketilgan.
Mazkur holat yuzasidan “bezorilik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, aybdor shaxslar javobgarlikka tortiladi, qolgan ishtirokchilar esa Rossiyadan chiqarib yuboriladi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volkning bildirishicha, ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilmaydigan chet el fuqarolari mamlakatdan chiqariladi va ularga keyinchalik kirishga ruxsat berilmaydi.
“Politsiya xodimlarining voqea joyidagi ishlari davom etmoqda. Turar joy majmuasidagi uylar hamda qoidabuzarlar yashirinishi mumkin bo‘lgan jamoat joylari ko‘zdan kechirilmoqda.
Jinoyatga aloqadorlikni aniqlash uchun politsiya bo‘limiga olib kelinganlar soni ortishi mumkin”, — deya “TASS” nashri huquq-tartibot idoralaridagi manbadan iqtibos keltirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!