27-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda 2026-yil uchun iqtisodiy rejalash va moliyaviy boshqaruv masalalari muhokama qilindi.
Majlisda kelgusi yilda iqtisodiy o‘sishni 6,6 foiz darajasida ta’minlash, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga 400 trillion so‘m yo‘naltirish hamda inflyatsiyani 7 foizdan oshirmaslik asosiy maqsad qilib belgilandi.
Subsidiyalar masalasida alohida to‘xtalib o‘tildi. Unga ko‘ra, barcha subsidiya va imtiyozlarning samaradorligi qayta tahlil qilinadi, natijasi past bo‘lgan dasturlar bekor qilinadi. Shuningdek, sarf-xarajatlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi.
Prezident topshirig‘iga binoan strategik tarmoqlarda mahsulot tannarxini pasaytirish, xususiy sektor faoliyatini kengaytirish, davlat korxonalarida dividend siyosatini tartibga solish, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish va mahalliy budjet daromadlarini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Xalqaro loyihalar yuzasidan mavjud loyihalarni jadallashtirish, yangi tashabbuslarni esa faqat amaldagilari yakunlangach boshlash tartibi belgilandi.
Shuningdek, budjetdan tashqari jamg‘armalarning yarmi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilishi belgilandi. Jumladan, mablag‘larning asosiy qismi maktablar qurilishi va tibbiyot sohasini rivojlantirishga sarflanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!