Madaniyat

Samarqandda «Bag‘rikenglik kemasi» xalqaro art-loyihasi ochildi

Samarqandda «Bag‘rikenglik kemasi» xalqaro art-loyihasi ochildi

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taniqli rassomlar Ilya va Emiliya Kabakovlarning mashhur «Bag‘rikenglik kemasi» xalqaro loyihasining 20 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida art-loyiha ochildi.

Markaziy Osiyoda ilk bor namoyish etilgan ushbu loyiha doirasida butun O‘zbekiston bo‘ylab bolalar chizgan tinchlik, umid va birdamlik g‘oyalarini mujassam etgan 1000 dan ortiq rasmlardan yelkan o‘rnatildi.

Tadbir YUNESKO Yoshlar forumi doirasida o‘tkazilib, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan yosh ijrochilar ishtirokida bolalar konserti ham tashkil etildi.

Shuningdek, orkestrlar, ansambllar va xor jamoalari mumtoz hamda an’anaviy asarlarni ijro etib, loyihaning muloqot, ijodkorlik va madaniyatlararo almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan asosiy maqsadini ta’kidladilar.

Ma’lumot uchun, «Bag‘rikenglik kemasi» ilk bor 2005 yilda Misrda taqdim etilgan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida dunyoning 20 ga yaqin shahrida namoyish etilib, «tinchlik va birdamlikning tirik yodgorligi» sifatida e’tirof etilgan.