Prezident Shavkat Mirziyoyev UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etish uchun 30-oktabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

An’anaga ko‘ra, davlat rahbari avvalo Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etildi, duo o‘qildi.
Shavkat Mirziyoyev majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda olib borilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqeiga munosib ravishda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi.

🔹 Majmua hududi kengaytirilib, umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishi sig‘adigan masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish-chiqish ayvonlari qurib bitkazildi. Ziyoratgohning to‘rt burchagida qad rostlagan 75 metrlik minoralar unga yanada mahobat bag‘ishlagan.
🔹 Yangi masjidda zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Prezidentimiz har gal Samarqandga tashrifida bu joy faqat ziyorat emas, balki ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi zarurligini alohida ta’kidlab kelmoqda.
🔹 Shu maqsadda majmuada innovatsion muzey tashkil etildi. Unda muhaddislar sultoni sifatida tan olingan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, Qur’onda zikr qilingan 25 payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning to‘planishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joy olgan.

Ziyoratgoh atrofidagi qurilish ishlari ham yakuniy bosqichga kirgan. Bir to‘rt yulduzli, ikki uch yulduzli mehmonxona hamda 22 ta oilaviy uy mehmonxonasi foydalanishga tayyorlanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev majmua ishini samarali tashkil etish, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish va yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tashrif yakunida ezgu niyatlar bilan majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!