Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Sirdaryo suv havzasida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi. Tadbir Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar boshqarmalari hamda Toshkent viloyati Chinoz tumani IIB bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Reyd davomida uch nafar fuqaro tomonidan Sirdaryo tumanidagi «Sho‘razak» zovurida taqiqlangan ov quroli — elektr qarmoq yordamida 7 turdagi jami 38 dona baliq noqonuniy ovlangani aniqlangan. Huquqbuzarlar baliqlarni “UAZ-2106” rusumli avtomobil orqali olib chiqib ketishayotganida to‘xtatib qolingan.
Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, 38 dona baliq, 1 dona elektr qarmoq, rezina qayiq, eshkaklar, setkali tutqich va akkumulyator vaqtinchalik olib qo‘yildi. Avtomobil esa ish holatiga huquqiy baho berilgunga qadar jarima maydoniga joylashtirildi.
Huquqbuzarlik natijasida «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida», «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida» hamda «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlar buzilgan. Tabiatga 521 million 180 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!