Madaniyat

Mozori Sharifda O‘zbek tili kuni nishonlandi

Mozori Sharifda O‘zbek tili kuni nishonlandi

Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida 30-oktyabr kuni «O‘zbek tilining Afg‘onistondagi o‘rni» nomli marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda «Daryo»ning Afg‘onistondagi muxbiri ham ishtirok etib, mehmonlar bilan suhbatlashdi.

Balx provinsiyasi markazida o‘tgan ushbu tadbirda Afg‘onistonning turli hududlaridan kelgan shoir va yozuvchilar, yoshlar, fuqarolik faollari, shuningdek, O‘zbekiston konsulligi vakillari hamda Balx viloyati rasmiylari qatnashdi.

Tadbirda so‘z olgan Balx universiteti professori Saloh Muhammad Rasix o‘zbek tilini rivojlantirish va targ‘ib qilish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek tili Afg‘onistonning asosiy tillaridan biri bo‘lib, millionlab fuqarolar aynan shu tilda so‘zlashadi.

«O‘zbek tili Afg‘oniston madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bois bu tilning milliy kuni va madaniyatini munosib tarzda nishonlash zarur», — dedi professor Rasix.

Tadbir davomida she’rlar o‘qildi, o‘zbek tilida yaratilgan asarlar namoyish etildi hamda yoshlar tomonidan ijodiy chiqishlar taqdim etildi.