Jahon

O‘zbekiston AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi

O‘zbekiston AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi

O‘zbekiston prezidenti farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab AQSh fuqarolari mamlakat hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kungacha vizasiz tartibda bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Farmonga muvofiq, ushbu qaror ikki davlat o‘rtasidagi sayohat, biznes va madaniy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan.

Shuningdek, Prezident topshirig‘iga binoan, Tashqi ishlar vazirligiga AQSh fuqarolari uchun vizasiz tartibni joriy etish bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSh vizasi tartibini yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasi yuklatilgan.

Yangi tartiblar doirasida:

  • Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolari O‘zbekistonga ID-karta yoki ichki hujjat orqali kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
  • 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa “Kinder pasport” orqali 30 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega bo‘ladi.

Avvalroq, 2024-yil 1-iyundan Bahrayn, Kuvayt va Ummon fuqarolari uchun ham O‘zbekistonga vizasiz rejim joriy etilgandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yil yakuniga qadar xorijiy sayyohlar sonini 15,8 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini esa 4 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.