Jahon

Falastinlik mahbus qiynoqqa solinganini fosh etgan Isroil sobiq harbiy prokurori hibsga olindi

Falastinlik mahbus qiynoqqa solinganini fosh etgan Isroil sobiq harbiy prokurori hibsga olindi

Isroil armiyasining sobiq bosh harbiy prokurori Yifat Tomer-Yerushalmi hibsga olindi. U falastinlik mahbusga nisbatan zo‘ravonlikni aks ettirgan videoni tarqatgani uchun javobgarlikka tortilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Tomer-Yerushalmi o‘tgan hafta Isroil armiyasining bosh harbiy advokati lavozimidan iste’foga chiqqandi. U zo‘ravonlik aks etgan videoning ommaga chiqishida o‘z mas’uliyatini tan olgan. 2-noyabr kuni u bedarak yo‘qolgan, politsiya esa Tel-Aviv shimolidagi plyaj hududida bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng uni topib, hibsga olgan.

Harbiy prokuror qanday videoni tarqatgan edi?

2024-yil avgust oyida Isroil yangiliklar kanalida efirga uzatilgan videoda Sde Teyman harbiy bazasidagi askarlar hibsdagi falastinlik mahbusni kaltaklab, o‘tkir narsa bilan jarohatlayotgani aks etgan. Mahbus og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur voqea yuzasidan besh nafar zaxiradagi harbiyga “og‘irlashtirilgan zo‘ravonlik” va “mahbusga og‘ir tan jarohati yetkazish” ayblovi qo‘yilgan. Ularning barchasi ayblovni rad etib, sud jarayonini bekor qilishni talab qilgan.

Iste’fo va siyosiy bahslar

General Tomer-Yerushalmi tergov davomida lavozimidan vaqtincha chetlashtirilgan, 31-oktyabr kuni esa mudofaa vaziri Isroil Kats uni o‘z lavozimiga qaytmasligini bildirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, u iste’foga chiqdi.

Iste’fo arizasida u quyidagi fikrlarni bildirgan:

“Men armiyaning huquq-tartibot idoralariga qarshi yo‘naltirilgan yolg‘on propagandaga qarshi kurashish maqsadida mediaga material berishni ma’qulladim. Agar mahbusga nisbatan zo‘ravonlik yuz bergan bo‘lsa, buni tekshirish bizning burchimizdir”.

Mudofaa vaziri Isroil Kats esa generalning harakatlarini keskin qoralab, shunday degan:

“Kimki Isroil armiyasi askarlariga qarshi tuhmat tarqatsa, u armiyada xizmat qilishga noloyiq”.

Bosh vazir Binyamin Netanyaxu ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, Sde Teymandagi voqeani “Isroil davlati tashkil topganidan beri eng og‘ir jamoatchilik bilan aloqalar inqirozi” deb atagan.

Hibsga olish tafsilotlari

Isroil OAVlariga ko‘ra, Tomer-Yerushalmi bedarak yo‘qolgani haqida dastlabki xabarlar tarqalganidan so‘ng, politsiya keng qamrovli qidiruv ishlarini boshlagan. U Gertsliya qirg‘og‘ida “sog‘-omon” holatda topilgan.

3-noyabr kuni politsiya tergov doirasida “ma’lumotlar sizib chiqishi va boshqa og‘ir huquqbuzarliklar” bo‘yicha ikki kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. Isroil OAV xabarlariga ko‘ra, ular — Yifat Tomer-Yerushalmi va sobiq bosh harbiy prokuror, polkovnik Matan Solomosh bo‘lgan.