Andijonda yer ajratish uchun pora talab qilgan tuman hokimining o‘rinbosari qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxs tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l bo‘yidagi 400 metr uzunlikdagi suv yo‘lini yopiq tizimga o‘tkazgan holda, vujudga keladigan 60 sotix maydonda 8 ta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratish va hujjatlarni yuqori lavozimdagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishini aytgan.
Buning evaziga u fuqarodan 15 ming dollar pora talab qilgan.
Pora olayotgan paytda qo‘lga olindi
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hokim o‘rinbosari kelishilgan pulni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining pora olish va lavozim vakolatini suiiste’mol qilishga oid moddalar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qaroriga ko‘ra, u qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bilan tergov hibsiga olingan.
Boshqa viloyatlarda ham shunga o‘xshash holatlar aniqlangan
Avvalroq Jizzax viloyatida “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali yetakchi mutaxassisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, MChJ vakilidan 6 ming dollar miqdorida pora talab qilgani aniqlangandi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida 5 500 dollar pora talab qilgan advokatga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!