O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hukumat qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Imtiyozli kredit shartlari
Qarorga ko‘ra, OTM bitiruvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga, 5 milliard so‘mgacha miqdorda kredit ajratiladi.
Kredit Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada beriladi.
Bunda:
-
har 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida 1 nafar bitiruvchi ishga olinishi shart;
-
ajratilgan mablag‘lar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalar uchun, ya’ni asosiy vositalar xaridi va aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida yo‘naltiriladi.
Kredit shartlarini buzganlarga cheklovlar qo‘llanadi
Agar tadbirkor imtiyoz olishiga sabab bo‘lgan bitiruvchi bilan 2 yil ichida mehnat shartnomasini bekor qilsa, ushbu kredit tijorat stavkasiga o‘tkaziladi.
Biroq, tadbirkor 1 oy ichida boshqa bitiruvchini ishga olgan taqdirda, imtiyozli shartlar saqlanib qoladi.
Startap loyihalar uchun grantlar
Shuningdek, bitiruvchilar o‘rtasida eng yaxshi startap va innovatsion loyihalar tanlovi tashkil etiladi. Tanlov g‘oliblari kamida 2 nafar bitiruvchini ishga olish majburiyati bilan 1 milliard so‘mgacha grant olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Oldingi imtiyozlar
Avvalroq O‘zbekistonda talabalar bilan ijara shartnomasi tuzganlarga 9 oy davomida 44 milliard so‘mlik imtiyoz ajratilgandi. Shu vaqt mobaynida 96,3 mingdan ortiq ijara shartnomasi tuzilgan bo‘lib, ijarada yashovchi talabalar soni 118 998 nafarga yetgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!