AQSh BMT Xavfsizlik kengashiga Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’aga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni taklif qiluvchi rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ash-Shara’a 10-noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashishi kutilmoqda. Rezolyutsiyada, shuningdek, Suriya ichki ishlar vaziri Anas Xattobga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni ham bekor qilish taklif etilgan.
Hozircha rezolyutsiya ovozga qo‘yiladigan sana ma’lum emas. Hujjat qabul qilinishi uchun kamida 9 ta mamlakat “ha” deb ovoz berishi va Rossiya, Xitoy, AQSh, Fransiya yoki Buyuk Britaniya tomonidan veto qo‘yilmasligi lozim.
Vashington so‘nggi oylarda 15 a’zodan iborat Xavfsizlik kengashini Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatishga chaqirib kelmoqda. 13 yillik fuqarolar urushidan so‘ng, Suriya prezidenti Bashar Asad 2024-yil dekabr oyida “Hayot Tahrir ash-Shom” (HTS) boshchiligidagi qurolli muxolifat tomonidan hokimiyatdan chetlatilgandi.
HTS avval “Nusra fronti” nomi bilan tanilgan bo‘lib, 2016-yilgacha “Al-Qoida”ning Suriyadagi rasmiy qanoti hisoblangan. 2014-yildan buyon guruh BMTning “Al-Qoida” va “ISHID” ro‘yxatida turadi. HTS rahbarlaridan ayrimlari, jumladan Ash-Shara’a va Xattob, hozirgacha sayohat taqiqi, aktivlarni muzlatish va qurol embargosi kabi sanksiyalar ostida qolmoqda.
BMTning maxsus qo‘mitasi 2025-yil davomida Ash-Shara’aga bir necha bor xorijga safar qilishga ruxsat bergan. Shu sababli, agar AQSh taqdim etgan rezolyutsiya 10-noyabrgacha qabul qilinmasa ham, Suriya prezidentining Oq uyga tashrifi amalga oshishi ehtimoldan xoli emas.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp may oyida AQShning Suriyaga nisbatan sanksiyalar siyosatini o‘zgartirishini ma’lum qilgan edi. BMT kuzatuvchilari esa iyul oyidagi hisobotda HTS va “Al-Qoida” o‘rtasida faol aloqalar mavjud emasligini qayd etgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!