Madaniyat

Toshkent — Osiyoda sayohat uchun eng jozibador manzillar qatorida

Toshkent — Osiyoda sayohat uchun eng jozibador manzillar qatorida

Toshkent xalqaro sayyohlik jurnali Condé Nast Traveler tomonidan e’lon qilingan “2026-yilda Osiyoda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar” ro‘yxatiga kiritildi.

Jurnalning ta’kidlashicha, Toshkent o‘zining qadimiy tarix va zamonaviylik uyg‘unligi bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Shaharda qadimiy madrasalar va bozorlar yangi madaniy maydonlar bilan yonma-yon joylashib, sayyohlar uchun boy va o‘ziga xos muhit yaratadi.

Nashrda Toshkent Markaziy Osiyoning madaniy turizm markaziga aylanib borayotgani qayd etilgan. Jumladan, “Islom sivilizatsiyasi markazi” majmuasi hamda “Zamonaviy san’at markazi” galereyasining ochilishi shaharni an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan maskan sifatida tanitmoqda.

Sayyohlar bu yerda tarixiy yodgorliklarga ekskursiyalarni zamonaviy ko‘rgazma va madaniy tadbirlar bilan birlashtirish imkoniga ega. Bugungi kunda Toshkent nafaqat O‘zbekistonning go‘zal manzillariga yo‘l boshlovchi shahar, balki mustaqil turistik yo‘nalish sifatida ham e’tirof etilmoqda.

Shahar boy madaniy dasturi va o‘ziga xos muhitini taqdim etib, yangi taassurotlar va noodatiy sayohatlar izlaydiganlar uchun albatta borib ko‘rishga arzigulik manzilga aylanmoqda.

Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonga 8,6 milliondan ortiq xorijiy turist tashrif buyurgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 112,5 foiz ko‘p. Shu bilan birga, 2025-yilda turistik xizmatlar eksporti 3,6 milliard dollardan oshib, yangi tarixiy rekord qayd etildi.