Bugun, 8-noyabr kuni soat 09:14:19 da O‘zbekiston hududida yer silkinishi kuzatildi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring markazi ma’lum qildi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, zilzilaning magnitudasi 3,2, chuqurligi esa 10 kilometr bo‘lgan. Zilzila Buxoro viloyatining Gazli shahri hududida, Toshkentdan 506 kilometr janubi-g‘arbda sodir bo‘lgan.
Episentrda silkinish kuchi 3 ball, Gazli shahrida esa 2 ball atrofida sezilgan.
Avvalroq, 3-noyabr kuni Afg‘onistonda yuz bergan zilzila O‘zbekistonning ayrim janubiy hududlarida, xususan, Surxondaryoda 4–5 ball atrofida sezilgani aholi orasida xavotir uyg‘otgan edi. Shu sababli “Daryo” Seysmologiya instituti mutaxassisi bilan bog‘lanib, mamlakatdagi seysmik holat va prognozlar haqida ma’lumot oldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozircha yirik zilzilalar xavfi kuzatilmayapti, ammo tabiiy jarayonlar doimiy ravishda monitoring qilinmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!