Qozog‘iston hukumati va OpenAI kompaniyasi ta’lim sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Memorandum Vashingtonda OpenAI vakillari va Qozog‘iston rasmiylari o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida imzolangan. Raqamli rivojlanish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kelishuv mamlakatda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va innovatsion ta’lim yechimlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Hujjatga ko‘ra, Qozog‘iston o‘qituvchilari uch yil davomida har yili kamida 165 mingta ChatGPT Edu litsenziyasini bepul olishadi. ChatGPT’ning ushbu maxsus versiyasi ta’lim muassasalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘qituvchilarga sun’iy intellekt yordamida dars jarayonini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
“Butun dunyo bo‘ylab o‘qituvchilar allaqachon ma’muriy ishlarni kamaytirish va o‘quvchilarga ko‘proq e’tibor qaratish uchun sun’iy intellektdan foydalanmoqda. To‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash bilan pedagoglar bu texnologiyalarni o‘quv jarayonida eng samarali tarzda tatbiq eta oladilar. Qozog‘iston hukumati bilan hamkorligimiz orqali biz mamlakatdagi o‘qituvchilarga ChatGPT’dan foydalanish imkoniyatini yaratamiz va sun’iy intellekt afzalliklarini butun ta’lim tizimiga yoyamiz,” — dedi OpenAI GTM ta’lim va davlat dasturlari yo‘nalishi rahbari Kevin Mills.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!