Iqtisod

Toshkentda hokimliklardan buzilgan inshootlar uchun 180 mlrd so‘m kompensatsiya undirildi

Toshkentda hokimliklardan buzilgan inshootlar uchun 180 mlrd so‘m kompensatsiya undirildi

Toshkentda 2025-yil davomida hokimliklardan fuqarolar va korxonalar foydasiga 180 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya undirildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Majburiy ijro byurosi (MIB) hududiy bo‘limlariga fuqarolar foydasiga qarzdorlikni undirish yuzasidan 2,8 trillion so‘mlik 130 mingdan ortiq ijro hujjatlari kelib tushgan. Shundan 75 mingdan ortiq hujjat bo‘yicha 538 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ undirib berilgan.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan uy-joylari, ishlab chiqarish binolari va boshqa inshootlari uchun hokimliklardan 63 ta ijro ishi doirasida 181,8 milliard so‘m mablag‘ undirib berilgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, 5 mingdan ortiq shaxsga 247,7 milliard so‘m miqdorida to‘lovlar amalga oshirilgan. Shundan 6,4 milliard so‘m ish haqi, 241,3 milliard so‘m esa yetkazilgan zararlarni qoplash mablag‘lari hisoblanadi.

Hozirda esa fuqarolar foydasiga 55 157 ta (1,2 trillion so‘mlik) hamda yuridik shaxslar foydasiga 147 mingta (4,8 trillion so‘mlik) ijro ishlari bo‘yicha jarayonlar davom etayotgani bildirilgan.