Jahon

Dunyoda jurnalistlar o‘limining 85 foizi ochilmay qolmoqda — BMT Bosh kotibi

Dunyoda jurnalistlar o‘limining 85 foizi ochilmay qolmoqda — BMT Bosh kotibi

Butun dunyoda jurnalistlar o‘ldirilishi holatlarining 85 foizi ochilmay qolmoqda. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.

YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil avgustidan 2025-yil mayigacha 163 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Ulardan 109 nafari OAV xodimlari bo‘lib, shulardan 12 nafari ayollardir. Eng ko‘p holatlar mojaro hududlarida — asosan G‘azo sektorida (46 ta holat), Sudanda (13) va Ukrainada (8) qayd etilgan.

“Men G‘azoda jurnalistlarning o‘ldirilishini keskin qoralayman, ularning ko‘pligidan g‘azabdamman va mustaqil hamda xolis tergov o‘tkazishga chaqiraman. Xalqaro jurnalistlarning G‘azoga kirishiga qo‘yilgan taqiq mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, — dedi Antoniu Guterrish.

YUNESKO ta’kidlashicha, urush yo‘q mamlakatlarda ham jurnalistlar hayotiga tajovuzlar to‘xtamagan. Masalan, so‘nggi ikki yil ichida Meksikada 15 nafar jurnalist o‘ldirilgan.

Jurnalistlar o‘ldirilishi bo‘yicha eng ko‘p holatlar arab davlatlarida (82) qayd etilgan. Shuningdek, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarida (34), Osiyo-Tinch okeani mintaqasida (30), Afrikada (5) hamda Yevropa va Shimoliy Amerikada (12) jurnalistlar halok bo‘lgan.

BMT Bosh kotibining ta’kidlashicha, jinoyatlar uchun jazosiz qolishning global darajasi hanuz juda yuqori. 2022-yilga nisbatan bir foizga kamaygan bo‘lsa-da, jurnalistlar o‘ldirilishining 85 foizi ochilmay qolmoqda.

Eng ko‘p jazosizlik holatlari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida, keyingi o‘rinlarda esa Osiyo-Tinch okeani va Afrika turadi. Bunga huquqni muhofaza qilish tizimlarining zaifligi, korrupsiya, siyosiy irodaning yo‘qligi hamda siyosiy elita, biznes va jinoiy tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalar sabab bo‘lmoqda.

«Chegarasiz muxbirlar» tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yildan 2025-yilgacha kamida 1163 nafar jurnalist hibsga olingan, ularning 568 nafari hozir ham 48 davlatda qamoqda. Jurnalistlarni hibsga olish holatlarining yarmidan ko‘pi besh davlat hissasiga to‘g‘ri keladi: Belarus, Xitoy, Isroil, Myanma va Rossiya Federatsiyasi.

“Erkin va mustaqil jurnalistika — jamiyat uchun eng muhim ne’matlardan biri. Jurnalistlar erkin, xolis va qo‘rquvsiz ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ammo ularga qarshi hujumlar hanuz to‘xtamayapti”, — deya ta’kidladi Guterrish.

BMT Bosh kotibi davlatlarni jurnalistlar o‘ldirilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tezkor, xolis va mustaqil tergov o‘tkazishga, shuningdek jazosizlikka chek qo‘yishga chaqirdi.